«Yashil» energiya – energiya barqarorligining munosib yechimi
Betakror tabiatimiz bizga yil davomida «yashil» energiya olishimiz uchun ulkan imkoniyatni tuhfa etadi. Ayniqsa, quyosh, shamol va suv – ekologik toza energiya manbalaridan foydalanish keyingi yillarda ancha dolzarb tus olgan ekologik muammolar hamda aholini energiya bilan to‘liq ta’minlash masalalariga munosib yechim bo‘la oladi.
Misol uchun, quyosh nuri bepul va tuganmas energiya manbai hisoblanadi. Shamoldan olinadigan energiya ham ekologik tozaligi jihatdan va odatiy usullar bilan elektr energiyasi yetib borishi qiyin bo‘lgan joylarni energiya bilan ta’minlashda eng maqbul yechimdir.
«Yashil» energetika – qazilma yoqilg‘i sarfisiz, atmosferaga CO va CO2 singari zaharli gazlar chiqarmaydigan va natijada atrof-muhitga ziyon yetkazmagan holda energiya ta’minotini amalga oshiradigan noyob tizim hisoblanadi. Bunda iste’mol talabi quyosh, shamol, suv, biomassa, vodorod energetikasi kabi muqobil energiya manbalari evaziga qoplanadi.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilish ham qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha 2024-yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlandi. Zero, bu yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar bugungi kunning eng dolzarb va yechimini kutayotgan muammolaridan biri bo‘lgan energiya ta’minoti muammosiga mukammal yechim bo‘la olishiga ishonchimiz komil.
Tahlillarga ko‘ra, yurtimizda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo‘lgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortig‘i bilan qoplashga yetarli. Shunday ulkan imkoniyatni ishga solish masalasiga ancha yillar davomida e’tibor berilmay kelindi, biroq so‘nggi yillarda bu sohada huquqiy baza yaratilgani tufayli investorlar uchun jozibador muhit shakllantirilmoqda.
«Yashil» energiya manbalarini barpo qilish bo‘yicha yurtimizda katta dasturlar boshlab yuborilgan. Bugungi kunga qadar sohaga 2,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shunisi quvonarliki, deyarli barcha viloyatlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushdi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatida 183 megavattli 6 ta yirik va kichik GESlar foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlarga tegishli binolar va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 457 megavattli quyosh panellari o‘rnatilib, bugungi kunda ulardan doimiy tarzda elektr energiyasi olinmoqda.
Bu ishlar natijasida bugun O‘zbekistonda qo‘shimcha 5 milliard kilovatt-soat ekologik toza elektr ishlab chiqarish va 1,5 milliard kub metr gazni tejash imkoniyati yaratildi.
Bu sohada boshlangan keng qamrovli ishlar mahalliy korxonalarda transformator, har xil turdagi kabellar, isitish kollektorlari, quyosh paneli, izolator, metall ustunlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ham katta turtki berdi.
«Bir so‘z bilan aytganda, «yashil» energetika ham iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga, ham chinakam umummilliy harakatga aylandi», – dedi davlatimiz rahbari bu haqida.
Joriy yilda elektr ishlab chiqarishda «yashil» energiya ulushi 15 foizga yetishi kutilayotgan bo‘lsa-da, erishilgan natijalar bilan bir qatorda, mavjud imkoniyatlar barcha hududlarda ham to‘liq ishga solinmayapti. Bu borada 2024 yil uchun dastlabki rejalar yetarli emasligini davlat rahbari ham ta’kidlab o‘tdi. Mutasaddilar o‘tgan yildan saboq chiqarib, bu yo‘nalishda ikki karra ko‘p ishlashi va aniq natija ko‘rsatishi kerakligi aytildi.
Joriy yildan boshlab yirik «yashil» energiya quvvatlarini barpo etish bo‘yicha uch yillik dasturni amalga oshirishga o‘tilishi ko‘zda tutilgan. Sababi, energetika tizimining barqarorligini ta’minlash uchun yangi quvvatlarga mos tarmoqlarni qurish, elektr saqlash qurilmalarini o‘rnatish, zarur materiallarni ishlab chiqarishni reja qilib, hozirdan boshlash kerak.
Jamiyat va iqtisodiyot rivojlanishda bir joyda to‘xtab turmaydi. Shu bois energetika tizimiga katta e’tibor qaratilishi shart. Chunki oxirgi yillarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirishga undayapti.
Shuning uchun aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiyani qurish, jami 2,2 gigavatt bo‘lgan 18 ta elektr saqlash quvvatlarini o‘rnatish mo‘ljal qilib olindi.
Qolaversa, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida 2 gigavattli 11 ta quyosh, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 600 megavattli 3 ta shamol stansiyalari qurilishini jadallashtirish Energetika vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Ushbu stansiyalarni barpo etish doirasida 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari quriladi. Yangi yirik stansiyalarni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya kengaytiriladi.
Yirik quyosh va shamol stansiyalarini qurish, ularni tarmoqqa ulash, remont-servis xizmatini ko‘rsatish hisobiga mahalliy korxonalar uchun katta bozor vujudga kelmoqda. Hozirgi kunda 30 dan ziyod yirik va o‘rta mahalliy ishlab chiqaruvchilar, 100 dan ortiq servis korxonalari mavjud.
Albatta bu quvvatlar hali yetarli emas, quyosh panellari, akkumulator, invertor, suv isitgich, mis kabel va transformator ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘paytirish muhim.
Shu bilan birga, mahalliy korxonalarga xorijiy investorlar talab qiladigan xalqaro sertifikatlarni olishda va ishlab chiqarishni standartlarga muvofiqlashtirishda doimiy ko‘mak berilishi lozim.
2024-yilda quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 2,6 gigavattga, shamol elektr stansiyalari quvvatini 900 megavattga yetkazish va 400 megavattli energiya saqlash qurilmalarini ishga tushirish rejalashtirilgani ham bu sohada ulkan ishlar boshlab yuborilganini ko‘rsatib turibdi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, yurtimizda olib borilayotgan ijobiy islohotlar natijasida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari yildan-yilga o‘sib bormoqda. Bu nafaqat ichki biznesni rivojlantirish, balki tashqi investorlar uchun ham jozibadordir. Yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalarning ijrosi, shubhasiz, mamlakatimiz aholisini sifatli va uzluksiz energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Abdushukur Xamzayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi raisi