Vatanga muhabbat, kelajakka ishonch bilan yashash saodati
Yangi O‘zbekiston davrida xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar o‘z natijasini bermoqda.
Xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturning izchil amalga oshirilishi ijtimoiy holatidan qat’iy nazar barcha xotin-qizlarimizni bugun va kelajakka ishonchidan dalolat beradi.
O‘zbekistonda ayollarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor tufayli mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘rinlarga ko‘tarildi. Ayollar soni Qonunchilik palatasida deputatlar umumiy sonining 32 foizini, Senatda esa 25 foizini tashkil etib, bu orqali O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetishiga erishildi.
Yurtimizda bu bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar xalqaro tashkilotlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi.
O‘tgan yili xalqimiz xohish va irodasi bilan amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar asosida esa xotin qizlarning parlamentdagi o‘rni 40 foizga yetkazildi. O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatida alohida qo‘mita, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi yangidan tashkil etildi va faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ta’kidlash joiz, bugun gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga olib chiqildi, avvalambor, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalalariga oid 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston xotin-qizlarni kamsitish va ta’qib qilishning barcha shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya etishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalarga qo‘shildi.
Mehnat kodeksi va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga xotin-qizlar uchun taqiqlangan kasbiy faoliyat sohalarini qisqartirish, qonunchilikdagi gender-assimmetrik qoidalarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritildi. Xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashning institutsional asoslari yanada mustahkamlandi.
Eng asosiysi, mazkur qonun loyihalarini ishlab chiqishda va takomillashtirishda ayol deputatlarimiz faollik qilishmoqda. Zero, Prezidentimiz 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosimdagi so‘zlagan nutqida mamlakatimizda qonunchilikni mustahkamlash, qabul qilinayotgan qonunlarning adolatli va ta’sirchan bo‘lishida deputat va senator ayollarning ham hissasi kattaligini ta’kidladi. Bu, o‘z navbatida, biz, deputat ayollarga g‘urur va faxr baxsh etishi bilan bir qatorda, katta mas'uliyat va ishonch ham yuklaydi.
Mohira XO‘JAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati