Yurtimizda “yashil bog‘lar” ko‘paymoqda
Keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimizda “yashil bog‘lar”, “yashil jamoat parklari”, “yashil belbog‘”lar barpo etilmoqda.
Ta’kidlash joiz, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishga qaratilgan tadbirlardan biri bu daraxt ekish, “yashil bog‘lar”ni ko‘paytirish hisoblanadi. Joriy yilning yanvar oyida davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yirik qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbog‘” yaratish, jami 10 million tup daraxt ekish, Toshkentda “yashil belbog‘lar” tashkil qilish kerakligi alohida qayd etilgan edi.
Shuningdek, kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarini to‘liq yashillik bilan qoplashni nazarda tutuvchi kamida 3 ming gektar “yashil belbog‘” va 200 gektar “yashil bog‘lar” tashkil qilish vazifasi ham belgilangandi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida 2024-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar ko‘chatlarini ekish va respublikada 444 ta “yashil bog‘” barpo etish nazarda tutilgan.
Bugun, 19-mart kuni Sergeli tumanida tashkil etilayotgan Yoshlar bog‘ida davlatimiz rahbari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda bahorgi daraxt ekish tadbirida ishtirok etdilar. Bog‘ yettita katta hududga bo‘linadi. Markaziy xiyobonda turli maydonlar, ming o‘rinli ochiq amfiteatr, milliy va xalqaro gastronomik zonalar barpo etiladi.
Shu bilan birga, bog‘ hududiga birinchi bosqichda mingdan ziyod kashtan, eman, sharqiy chinor, qizil kurtak, magnoliya, gujum kabi manzarali daraxtlar ekilishi, loyiha yakunida esa ularning soni 20 ming tupga yetishi rejalashtirilgan. Bog‘da aholi hordiq chiqarishi, bolalar uchun sport va o‘yin maydonlari kabi ko‘plab infratuzilma obyektlarini tashkil etish ham nazarda tutilgan.
Ushbu tadbir ezgu maqsadlarni amalga oshirishda davlatimiz rahbari boshchiligida shaxsiy o‘rnak va na’muna o‘laroq har birimizga daraxt ekish mavsumida keng jamoatchilikni jalb etgan holda bu ishlarni davom ettirishga undaydi.
Zero, O‘zbekistonimizning kelajagi, yosh avlodni sog‘lom tarbiyalash, ularga mavjud tabiatimizni yanada go‘zal tarzda, toza holatda yetkazish barchamizning burchimiz bo‘lishi kerak. Shunday ekan, biz xalq vakillari joylarda “yashil makon” umummilliy loyihalarining amalga oshirilishida faol ishtirok etishimiz va nazoratga olishimiz lozim.
Muxtorjon HOJIMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi